O`ZBEKISTON DAVLAT SAN`AT MUZEYI

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi

.:: O'zbek English Русский ::. 
.:: Muzey haqida ::.

       O'zbekiston Davlat san'at muzeyi Markaziy Osiyo hududidagi eng yirik hisoblanib, Sharq hamda G'arbiy Yevropaning noyob san'at asarlarini o'zida mujassamlashtirgan. U 1918 yilda 500 eksponatni o'z ichiga olgan kichik to'plamdan tashkil etilgan edi. Bular asosan rus va G'arbiy Yevropa san'at asar-laridan iborat bo'lgan, rassomchilik, haykaltaroshlik, naqqoshlik, chinni, bronza va hokazolar namunalari edi.
       XX asr davomida ilmiy tadqiqotlar va to'plamlar natijasida muzey kolleksiyasi 50 mingga yaqin eksponatga yetdi. Bu - O'zbekiston san'at asarlari, xorijiy Sharq mamlakatlari, rus va G'arbiy Yevropa san'ati asarlaridir. Bunday xilma-xil va keng miqyosdagi kolleksiya to'plami Markaziy Osiyo hududidagi biron bir muzeyda yo'qdir.
       Bugungi kunda muzeylar millatning ma'naviy rivojlanishida katta ahamiyat kasb etmoqda. Muzeylarning muhim ma'naviy va tarbiyaviy ahamiyatini hisobga olgan holda Istiqlol yillarida muzey ishlarini takomillashtirishga qaratilgan qator Prezident farmonlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari qabul qilindi.
       Xususan, 1994 yilda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Muzeylar faoliyatini yaxshilash chora-tadbirlari to'grisida" gi Qarori qabul qilindi. 1998 yilda esa O'zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning "Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to'grisida" gi Farmoni chiqdi. O'zbekiston muzeylari xalqaro me'yorlarga javob berishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Bunda muzeylarning me'moriy yechi-mi, interyer dizayni va ekspozitsiyalarni badiiy bezash, kolleksiyalarni to'ldirish, saqlash sharoiti, harorat tartibi, muzey jihozlari va kompyuter texnikasi bilan ta'minlashga alohida e'tibor berilmoqda.
       Mustaqillik yillari mobaynida hukumatimizning qo'llab-quvvatlashi natijasida xalqaro talablarga javob beruvchi bir qator yangi muzeylar qurildi, faol ko'rsatayotgan muzeylar esa kapital ta'mirlanib, jihozlandi. 
       San'at muzeyining hozirgi binosi 1974 yilda qurilgan. Me'morlar (I. Abdullov, M. Rozenblam, A. Nikiforov) uni "modern" uslubida - oynaband kub shaklida loyihalashtirdilar. Vaqt o'tishi bilan binoni ta'mirlash va qisman rekonstruksiya qilish zaruriyati tug'ildi. Hukumatimiz tomonidan mablag' ajratildi va 1997 yilda binoni to'la ta'mirlash ishlari boshlanib, hozirda bu ishlar muvaffaqiyatli bajarildi. Ta'mirlash ishlari bilan bir qatorda kolleksiyalarni saqlash xonalari va ekspozitsiya uchun zarur bo'lgan maxsus jihozlar sotib olindi hamda noyob to'plamlarni saqlash sharoitlarini yaxshilash va ularni asrash uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berildi.

Designed by "SKM" Tashkent 2007© All Rights Reserved
Tel: (+998-71) 144-14-72, 144-30-82, Fax: 144-34-44
E-mail: center@sport.uz, URL: www.skm.uz